Poytaxtimizda “Yoshlar yili” Davlat dasturi doirasida “Istiqlolning yosh ijodkorlari” mavzuidagi yoshlar media-forumi bo‘lib o‘tdi. Vatanimiz mustaqilligining 17 yilligiga bag‘ishlangan mazkur media-forum “Kelajak ovozi” yoshlar tashabbuslari markazi, O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, O‘zbekiston yoshlarining “Kamolot” ijtimoiy harakati, BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi – UNFPAning yurtimizdagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etildi. Media-forumda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi SH.G‘ulomov, Respublika «Kelajak ovozi» yoshlar tashabbuslari markazi boshqaruvi raisi B.Sharopov, O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi F.Abduholiqov, Respublika ma’naviyat targ‘ibot markazi rahbari M.Hojimatov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yangi jamiyat qurish jarayonida yoshlar kelajagiga, ta’lim-tarbiyasiga qaratilayotgan g‘amxo‘rlik o‘z samarasini berayotganini ta’kidladilar. Yurtimizda milliy matbuot va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada takomillashtirish va rivojlantirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, jurnalist kadrlarning kasb va ijodiy salohiyatini yuksaltirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi nodavlat teleradiostansiyalarda asosan iqtidorli yosh ijodkorlarning faoliyat ko‘rsatishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Yurtimizda keng ko‘lamda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy, yoshlar siyosatiga oid sohalarni xolis, tezkor va haqqoniy tarzda yoritishda nodavlat teleradiostansiyalarining ham hissasi bor. Hududiy nodavlat teleradiostansiyalar, «Kelajak ovozi» yoshlar tashabbuslari markazlarining yosh ijodkorlar stansiyalarida navqiron avlod hayotiga oid ko‘plab ko‘rsatuvlar va eshittirishlar tayyorlanmoqda. «O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi» jamg‘armasi, O‘zbekiston yoshlarining «Kamolot» ijtimoiy harakati, O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi hamkorligida hududiy telestansiyalarda yoshlar studiyalari tashkil etildi. «Erkin fikr» studiyasi qoshida ta’sis etilgan «Kelajak ovozi» gazetasi tobora ommalashib borayotir. Media-forumda yoshlar studiyalarining joriy yilning birinchi yarmidagi faoliyati yakunlari atroflicha tahlil etildi. Ishtirokchilar tomonidan «Yoshlar yili» Davlat dasturi ijrosini yoritishda nodavlat teleradiostansiyalarning o‘rni, yoshlar studiyalari va hududiy telestansiyalarning hamkorligi istiqbollari muhokama qilindi, kelgusidagi rejalar belgilandi. Forum doirasida nodavlat teleradiostansiyalar o‘rtasida o‘tkazilgan «Mustaqillik – eng ulug‘ ne’mat!» tanlovi g‘oliblari taqdirlandi. Birinchi o‘ringa Surxondaryoning «Ishonch-TV» telestansiyasi sazovor bo‘ldi, ikkinchi o‘ringa «Samarqand–STV» va «Marg‘ilon–TV» telestansiyalari, uchinchi o‘ringa Qo‘qonning «Muloqot – TV» stansiyasi loyiq topildi.
|