O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi Ilmiy-texnik va marketing tadqiqotlari markazi hamda Rossiya davlat kutubxonasi hamkorligida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyiha mamlakatimiz olimlariga tadqiqotlar o‘tkazish samaradorligini oshirish, rossiyalik hamkasblari bilan axborot almashinuvini kengaytirishga ko‘maklashadi. Loyiha doirasida to‘liq matnli manbalar, kataloglar bilan almashish yo‘lga qo‘yildi hamda ularning elektron shakllari yaratilmoqda. Masalan, O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi markazining elektron kutubxonasidan rossiyalik o‘quvchilar mutaxassislarimizning aloqa va axborotlashtirish sohasidagi tadqiqotlari haqidagi ko‘plab ma’lumotlarni topishi mumkin. O‘zbekistonlik olimlar esa Rossiya davlat kutubxonasidagi mavjud ilmiy ishlarning elektron kutubxonasidan foydalanish imkoniyatiga ega. Kutubxona fondi har yili ijtimoiy, tabiiy hamda texnik fanlar sohasidagi qariyb 30 mingta nomzodlik va doktorlik ilmiy ishlari bilan boyitilmoqda. Kutubxonada foydalanuvchilarning ishlarini tezlashtirish uchun qidiruv tizimi ulangan. Hamkorlikdagi loyiha davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan axborot – kutubxona resurslarini rivojlantirishga qaratilgandir. Bu borada eng zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va dasturiy maxsulotlar keng qo‘llanilmoqda. Ularning aksariyati o‘z mutaxassislarimiz tomonidan yaratilgan bo‘lib, muqobili yo‘q.
|