O‘zA, Zohir Toshxo‘jayev (Pekin), 21.08.2008 21:45 XXIX yozgi Olimpiada o‘yinlarida sportchilarimizdan Artur Taymazov erkin kurash bo‘yicha eng og‘ir – 120 kilogramm vazn toifasida barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, ikkinchi marta Olimpiada o‘yinlari chempioni bo‘ldi. Jahonning eng kuchli erkin kurashchilaridan hisoblangan A.Taymazov final uchrashuvida rossiyalik Baxtiyor Ahmedov bilan kuch sinashdi. 2000 yildan buyon Olimpiada o‘yinlarida uchinchi marotaba finalga chiqqan hamyurtimiz raqibini muddatidan oldin yengib, olimpiadachilarimiz hisobiga birinchi oltin medalni qo‘shdi. Sidney Olimpiadasi kumush, Afina Olimpiadasining oltin medallari sohibi, ikki karra jahon chempioni, xalqaro toifadagi sport ustasi, 29 yoshli yurtdoshimiz A.Taymazov Pekin Olimpiadasining finaliga qadar ozarboyjonlik Yevropa chempionati sovrindori Ali Isayevni 3:1, kubalik Disney Rodrigesni 3:1, Olimpiada o‘yinlari va jahon chempioni David Musulbesni (Slovakiya) 3:0 hisobida mag‘lub etgan edi. – Men bu gal ham xalqimizning ishonchini oqlab, Olimpiya oltin medalini qo‘lga kiritganimdan g‘oyat baxtiyorman, – dedi Artur Taymazov. – Bu g‘alabamni Vatanim – O‘zbekiston mustaqilligining 17 yilligiga bag‘ishlayman. O‘zbekiston Respublikasi vakili A.Taymazovning Pekin Olimpiadasida erishgan yuksak g‘alabasi sharafiga davlatimiz bayrog‘i ko‘tarilib, madhiyamiz jarangladi. Ayni paytda, o‘zbekistonlik taekvondochilar – Yevgeniya Karimova, Dmitriy Kim va Akmal Ergashev, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha Osiyo chempioni Vadim Menkov yuqori o‘rinlar uchun kurashni davom ettirmoqda.
|